• Maxsus imkoniyatlar

    Ko'rinish:

    Shrift hajmi:

  • Mobil versiya
  • Sayt xaritasi
SHU YERDA QIDIRISH SO'ZINI YOZING

Strategik maqsad va vazifalar ochib berildi

Strategik maqsad va vazifalar ochib berildi

news

Hozirgi zamonda global miqyosda shiddatli o‘zgarishlar yuz berib, xalqaro maydonda kuchlarning yangi nisbati shakllanmoqda, dunyo davlatlari yuzaga kelayotgan muammolarga munosib yechim topish, siyosiy va iqtisodiy strategiyalarni yangilashga intilmoqda.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 78-sesiyasidagi nutqida bu jarayonni ta’riflab, strategik maqsad va vazifalar doirasida aniq va haqqoniy iboralar bilan xalqaro munosabatlar tizimidagi fundamental o‘zgarishlarga baho berdi:

 

“...Jahon miqyosida ishonch inqirozi kuzatilmoqda. Global xavfsizlik institutlari faoliyatidagi muammolar va xalqaro huquq me’yorlaridan chekinish kuchaymoqda. Bularning barchasi keng ko‘lamdagi keskinlik ortishiga sabab bo‘lmoqda. Geosiyosiy qarama-qarshiliklar tufayli savdo, investitsiya va innovatsiya sohalarida erkin almashish yo‘lida yangi to‘siqlar vujudga kelmoqda”.

 

Mamlakatimiz rahbari, shuningdek “…bunday murakkab sharoitda amaliy hamjihatlik va hamkorlik ruhini saqlash, umumiy manfaatlarni mavjud ziddiyatlardan yuqori qo‘ygan holda mamlakatlarni jipslashtirish g‘oyasi har qachongidan ham dolzarb bo‘lib bormoqda” deya qayd etdi.

 

Davlatimiz yetakchisi nutqida tilga olingan strategik maqsad va vazifalar birinchi navbatda yaxshi qo‘shnichilik, hamkorlik va yanada ochiqlik yo‘lida jadal rivojlanayotgan Markaziy Osiyo mintaqasiga tegishli.

 

O‘zbekiston va mintaqa davlatlarining butun dunyo uchun ochiqligi siyosati, Markaziy Osiyo xavfsizligi, barqaror va tinch taraqqiyoti mintaqa xalqlarining birlashishi va farovonligini ta’minlashning asosiy shartiga aylanmoqda.

 

“Markaziy Osiyoni tinch, gullab-yashnayotgan hududga aylantirish O‘zbekiston tashqi siyosatida bundan buyon ham ustuvor maqsad bo‘lib qoladi”, – deya qayd etdi davlatimiz rahbari.

 

Prezidentimiz o‘z nutqida экстремизм tarqalishining oldini olish, xalqaro terrorizm va yoshlar radikallashuviga qarshi kurashish muammolariga e’tibor qaratib, qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyatga to‘xtalib, nafaqat Bosh assambleya ishtirokchilari, balki dunyo ekspert hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otgan qator salmoqli tashabbuslarni ilgari surdi.

 

“Mustahkam tinchlik va farovonlikka faqat umumiy intilish, birgalikdagi harakat bilan erishish mumkin. Bizga o‘zaro ishonch, birdamlik va hamkorlik ruhi har qachongidan ham ko‘proq zarur”, deya ta’kidladi.

 

O‘zbekiston Prezidentining nutqi yetakchi xalqaro ekspertlar, siyosiy arboblar davrasida jiddiy qiziqish uyg‘otdi.

 

Davlatimiz rahbari BMT Bosh assambleyasi 78-sessiyasida bildirgan tashabbus va takliflar Tashqi ishlar vazirligi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiya faoliyatida yosh avlod diplomat kadrlarini yuqori kasbiy malaka, chuqur bilim va tahliliy ko‘nikma ruhida tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

A.Hoshimov,

JIDU huzuridagi

Diplomatik akademiya

kafedra mudiri