2026-yil 6-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlash doirasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiyada «Diplomatik izohli lug‘at» hamda «Diplomatiya qadimgi davrlardan hozirgi kungacha» nomli nashrlarning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda davlat va jamoat arboblari, diplomatiya sohasi vakillari, yetakchi olimlar, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar hamda universitet jamoasi ishtirok etdi.
Tadbirni Diplomatik akademiya direktori, siyosiy fanlar doktori, professor A.Xaydarov kirish so‘zi bilan ochib, mazkur nashrlarning milliy diplomatiya maktabini rivojlantirish, diplomatik ta’limning ilmiy-uslubiy asoslarini mustahkamlash va sohaviy ilmiy adabiyotlar bazasini boyitishdagi ahamiyatini ta’kidladi.
Taqdimot davomida «Diplomatik izohli lug‘at»ning yaratilish maqsadi, ilmiy-amaliy ahamiyati hamda o‘zbek tilidagi diplomatik terminologiyani tizimlashtirishdagi o‘rni yoritildi. Nashr diplomatiya va xalqaro munosabatlar sohasiga oid tushunchalarni o‘zbek tilida izchil va aniq ifodalash, milliy diplomatik terminologiyani rivojlantirish hamda ta’lim va ilmiy tadqiqotlar uchun yagona terminologik asosni shakllantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, A.Xaydarov va JIDU professori, iqtisodiyot fanlari doktori I.Mavlanov hammuallifligidagi «Diplomatiya qadimgi davrlardan hozirgi kungacha» o‘quv qo‘llanmasining mazmuni va asosiy yo‘nalishlari taqdim etildi. Unda diplomatiyaning tarixiy taraqqiyoti, nazariy-huquqiy asoslari, O‘zbekiston diplomatiyasining shakllanishi va rivojlanishi, shuningdek, zamonaviy diplomatiyaning ommaviy, madaniy, raqamli va iqtisodiy kabi yo‘nalishlari yoritilgan.
Ta’kidlanganidek, mazkur nashrlar O‘zbekiston mustaqilligi yillarida diplomatiya sohasida to‘plangan bilim va tajribani tizimlashtirishga qaratilgan bo‘lib, mazmuni va qamrovi jihatidan Markaziy Osiyoda ushbu yo‘nalishdagi dastlabki ixtisoslashgan ilmiy nashrlar qatoridan o‘rin oladi. Shu bilan birga, ular o‘zbek tilining xalqaro munosabatlar va diplomatik muloqotdagi ilmiy-amaliy imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Muhokamalarda Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori S.Safoyev hamda xalqaro munosabatlar, diplomatiya va gumanitar fanlar sohasidagi yetakchi olim va mutaxassislar ishtirok etdilar. So‘zga chiqqanlar nashrlarning ilmiy va amaliy qiymati, diplomatik kadrlar tayyorlash tizimidagi o‘rni hamda ulardan ta’lim va ilmiy-tadqiqot jarayonlarida foydalanish istiqbollariga alohida e’tibor qaratdilar.
Tadbir yakunida mazkur nashrlarning diplomatik ta’lim sifatini oshirish, milliy diplomatik terminologiyani rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot salohiyatini mustahkamlash va O‘zbekistonning ilmiy-diplomatik merosini boyitishdagi ahamiyati qayd etildi.
Taqdimot JIDU rektori S.Safoyevning yakuniy so‘zi bilan nihoyasiga yetdi.