• Maxsus imkoniyatlar

    Ko'rinish:

    Shrift hajmi:

  • Mobil versiya
  • Sayt xaritasi
SHU YERDA QIDIRISH SO'ZINI YOZING

Dehli shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro seminarda O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotga oid maʼlumotlar taqdim etildi

Dehli shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro seminarda O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotga oid maʼlumotlar taqdim etildi

news

Dehli shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro seminarda O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotga oid maʼlumotlar taqdim etildi

Markaziy Osiyo va Hindiston o‘rtasidagi hamkorlikning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan xalqaro seminar doirasida O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohot haqida batafsil maʼlumot taqdim etildi.

“Hindiston – Markaziy Osiyo” jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan anjumanda Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlaridan olim va ekspertlar, jumladan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiya direktori o‘rinbosari Abdusamad Haydarov, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti dotsenti Beruniy Alimov ishtirok etdi.

Seminar ishtirokchilari O‘zbekistonning amaldagi Asosiy qonuniga kiritish taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqidagi maʼlumotlarni katta qiziqish bilan kutib oldi.

Tadbirda mamlakatimiz tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlariga alohida eʼtibor qaratildi. O‘zbekiston tashqi siyosati davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning buzilmasligi, davlatlarning hududiy yaxlitligi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik prinsiplariga hamda xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan boshqa prinsip va normalariga asoslanishi urg‘ulandi.

Beruniy Alimov yangilanayotgan Konstitutsiyaga muvofiq, O‘zbekiston tashqi siyosati davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarni har taraflama rivojlantirishga qaratilganini taʼkidladi.  Xalqaro munosabatlarda, birinchi navbatda, davlatning, xalqning oliy manfaatlaridan, uning farovonligi va xavfsizligidan kelib chiqilishi qayd etildi.

Seminarda O‘zbekistonning xorijiy davlatlar, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hozirgi bosqichdagi hamkorligi haqida ham so‘z yuritildi.

Abdusamad Haydarov 2016 yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan mamlakatimizning yangilangan tashqi siyosati zamirida mintaqaning uzoq muddatli muammolarini hal etish, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari barqaror rivojlanishi uchun qulay shart-sharoit yaratish zarurati yotganini taʼkidladi.

O‘sha yil O‘zbekistonning barcha qo‘shnilari bilan chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha yangi muzokaralar jarayoni boshlandi. 2018 yildan buyon O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahatlashuv uchrashuvlari muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Ularda mintaqaning barcha davlatlari manfaatlariga daxldor dolzarb masalalar muhokama qilinmoqda.

O‘zbekistonning chegara va suv-energetika masalalarini hal etishga qaratayotgan alohida eʼtibori qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarning sezilarli yaxshilanishiga, ular bilan tovar ayirboshlash hajmining izchil oshishiga xizmat qilmoqda. Xususan, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2016 yildan 2022 yilgacha ikki barobar, Qirg‘iziston bilan esa sakkiz baravarga oshdi.

Toshkent dunyoning boshqa mintaqalaridagi anʼanaviy hamkorlari, jumladan, Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikni jadal kengaytirmoqda.

Xususan, 2019 yil yanvar oyida Samarqandda “Hindiston – Markaziy Osiyo” vazirlar muloqoti mexanizmi yo‘lga qo‘yildi. 2020 yil O‘zbekiston Prezidenti Janubiy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni faollashtirish tashabbusini ilgari surdi. 2021 yil iyul oyida Toshkent shahrida tashkil etilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Muammolar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya ushbu tashabbusni hayotga tadbiq etishda muhim bosqich bo‘ldi. Ikki qo‘shni mintaqa hamkorligi va o‘zaro bog‘liqligining istiqbollari 2022 yil yanvar oyida bo‘lib o‘tgan “Hindiston – Markaziy Osiyo” oliy darajadagi muloqoti doirasida ham o‘z ifodasini topdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi aʼzolari mamlakatimizning mintaqadagi suv resurslaridan oqilona foydalanish borasidagi tashabbus va saʼy-harakatlari haqida ham so‘zlab berdi.

DEHLI, 21-aprel.

Manba: Dunyo.uz