Joriy yilning 5-iyun kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga Jahon savdo tashkiloti (JST) bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala tashrif buyurdi.
Ushbu tashrif O‘zbekistonning jahon savdo tizimiga tabora integratsiyalashib borayotganligini hamda bu jarayonda JIDUda amalga oshirilayotgan “Jahon savdo tashkiloti kafedrasi” loyihasi ishtirokchisi sifatidagi muhim o‘rnining e’tirofi hisoblanadi.
Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev JST rahbarini qutlab, O‘zbekistonning ushbu nufuzli xalqaro tuzilmaga kirish jarayonini jadallashtirish istagidagi tashrifining muhimligini qayd etdi.
“O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning maqsadlari JSTning erkin va shaffof savdo aloqalarini ta’minlash va kengaytirish orqali mamlakatlarning barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish va aholi farovonligini yaxshilashga qaratilgan vazifalariga to‘liq mos keladi”, dedi rektor.
Okonjo-Iveala uchrashuv doirasida har bir mamlakatning samarali tashqi savdo siyosatini shakllantirishda ilm-fan vakillarining hissasi muhim ahamiyatga ega ekanligini e’tirof etib, mintaqaviy hamkorlik masalalarini tadqiq qilishda, kadrlar salohiyatni oshirishda, hozirgi zamon savdo munosabatlarida yuzaga kelayotgan masalalarni hal qilish va barqaror iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish maqsadida JIDU hamda davlat organlari, shuningdek JST kafedralari tarmog‘ining boshqa ishtirokchilari o‘rtasida qo‘shma tadqiqot loyihalarini rag‘batlantirish muhimligini ta’kidladi.
Shuningdek, Jahon savdo tashkilotining mintaqamizda yagona bo‘lgan “JST kafedrasi” loyihasini JIDUda muvaffaqiyatli amalga oshirilishi hamda universitetni soha bo‘yicha mamlakatimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasasi va ilmiy-tadqiqot markaziga aylanishidagi tutgan o‘rnini, shuningdek Ngozi Okonjo-Iveala xonimning xalqaro iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga qo‘shgan ilmiy-amaliy hissasini e’tiborga olgan holda, Jahon savdo tashkiloti Bosh direktori JIDUning Faxriy doktor unvoni bilan taqdirlandi.
Ushbu muhim voqea JST Bosh direktorining soʻnggi yillar davomida JST azoligiga nomzod mamlakatlarga amalga oshirgan tashriflaridan biri boʻlib, Oʻzbekistonning koʻp tomonlama savdo tizimiga integratsiyalashuvining ahamiyati katta ekanligini ko‘rsatib turadi.