Joriy yilning 23-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiya va Saudiya Arabistoni Qirolligi Shahzoda Saud Al-Faysal nomidagi diplomatik tadqiqotlar instituti o‘rtasidagi hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda institut Bosh direktori doktor A. Al Omrani boshchiligidagi Saudiya Arabistoni diplomatik tadqiqotlar instituti delegatsiyasi, Saudiya Arabistoni Qirolligining O‘zbekistondagi Elchixonasi, O‘zbekiston Respublikasi TIV vakillari, JIDU huzuridagi Diplomatik akademiya xodimlari, professor-o‘qituvchilar tarkibi va JIDU talabalari ishtirok etdi.
Seminar davomida istiqbolli qo‘shma ta’lim va ilmiy loyihalar muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Diplomat kadrlarini tayyorlash va malakasini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Talabalar uchun arab tili kurslarini tashkil etish, umumiy manfaatdor masalalar bo‘yicha hamkorlikda tadqiqot olib borish, ilmiy nashrlar almashish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, ikki tomonlama Oʻzbekiston – Saudiya Arabistoni munosabatlari, xususan, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik masalalari koʻrib chiqildi. Saudiya Arabistonining O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritayotgan sarmoyalari hajmi hozirda 30 milliard dollardan ortiq baholanayotgani qayd etildi.
O‘zining yakuniy so‘zida doktor A.Al Omrani o‘zbekistonlik hamkasblar bilan hamkorlikka qiziqish yuqori ekanligini ta’kidladi. – Mamlakatlarimiz boy hamkorlik tarixiga ega va bunday aloqalar nafaqat bilim almashish, balki do‘stona aloqalarni mustahkamlashga ham xizmat qilmoqda. Hamkorlikdagi loyihalarning dolzarb masalalari va istiqbollarini muhokama qilish imkoniyatidan mamnunmiz”, — dedi u.