2026-yil 2-mart kuni JIDU konferensiya zalida S.Abdurazzoqovaning “Diplomat rafiqasi bo‘lish osonmi?” (“Легко ли быть женой дипломата”) nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Muallif taniqli diplomat va olim B.Abdurazzoqovning turmush o‘rtog‘i hisoblanadi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasining Birlashgan Millatlar Tashkilotiga 1992-yil 2-mart kuni a’zo bo‘lganining yilligi munosabati bilan tashkil etildi.
Taqdimotda Diplomatik akademiya direktori A.Xaydarov kirish so‘zi bilan ishtirok etdi. U o‘z nutqida tadbir sanasining ramziy ahamiyatini ta’kidlab, milliy diplomatiya shakllanishi tarixini asrash va uni yosh avlodga yetkazish muhimligini qayd etdi.
Taqdimot davomida Salima Abdurazzoqova diplomatik xizmatning ko‘rinmas, ammo muhim jihatlari haqida so‘z yuritib, diplomat faoliyatida turmush o‘rtog‘i va oilaning ma’naviy tayanch sifatidagi o‘rnini alohida ta’kidladi. Shuningdek, muallif kitobning yaratilish tarixi, maqsadi hamda uning bugungi kun bilan bog‘liqligi haqida ma’lumot berdi.
Tadbir doirasida jamiyat va oilada ayollarning o‘rni, shuningdek, diplomatik xizmatning insoniy jihatlari yuzasidan fikr almashildi.
Mazkur taqdimot milliy diplomatiya tarixini yoritish hamda diplomat kasbi va oilaviy qadriyatlar uyg‘unligini muhokama qilish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qildi.