Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiya jamoasi professor, yuridik fanlar doktori Hamedov Iso Axlemanovichning vafoti munosabati bilan marhumning oila aʼzolari, shogirdlari hamda barcha yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.
Iso Axlemanovich oʻz umrini ilm-fan va taʼlim sohasiga bagʻishlagan, yuksak salohiyatli olim va fidoyi ustoz edi. U uzoq yillar davomida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida samarali faoliyat yuritib, koʻplab yosh mutaxassislarning shakllanishiga, ilmiy va kasbiy kamol topishiga munosib hissa qoʻshdi.
Maʼmuriy islohotlar, davlat xizmati hamda maʼmuriy tartib-taomillar yoʻnalishida olib borgan chuqur va izchil ilmiy tadqiqotlari, nazariy bilimlarni amaliyot bilan uygʻunlashtira olgan noyob salohiyati bilan Iso Axlemanovich hamkasblari va shogirdlari orasida katta hurmat-eʼtibor qozongan edi. Marhumning yorqin xotirasi qalblarimizda abadiy saqlanib qoladi. Oxiratlari obod boʻlsin.