• Maxsus imkoniyatlar

    Ko'rinish:

    Shrift hajmi:

  • Mobil versiya
  • Sayt xaritasi
SHU YERDA QIDIRISH SO'ZINI YOZING

Mustahkam tinchlik va taraqqiyotga da’vat

Mustahkam tinchlik va taraqqiyotga da’vat

news

 O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqi dunyo ekspertlar hamjamiyati va siyosiy arboblaridavrasida katta qiziqish uyg‘otdi.

         Prezidentimiz xalqaro munosabatlar tizimidagi fundamental o‘zgarishlarga ta’rif berar ekan, aniq va lo‘nda iboralar bilan quyidagilarni qayd etdi: «...Jahon miqyosida ishonch inqirozi kuzatilmoqda. Global xavfsizlik institutlari faoliyatidagi muammolar va xalqaro huquq me’yorlaridan chekinish kuchaymoqda. Bularning barchasi keng ko‘lamdagi keskinlik ortishiga sabab bo‘lmoqda. Geosiyosiy qarama-qarshiliklar tufayli savdo, investitsiya va innovatsiya sohalarida erkin almashish yo‘lida yangi to‘siqlar vujudga kelmoqda. Hatto iqlim o‘zgarishlari, ochlik va tengsizlikka qarshi kurash singari butun bashariyat taqdiriga daxldor bo‘lgan masalalarda ham o‘zaro muloqot izdan chiqqani sezilmoqda».

         Mamlakatimiz rahbari, shuningdek «…бундай murakkab sharoitda amaliy hamjihatlik va hamkorlik ruhini saqlash, umumiy manfaatlarni mavjud ziddiyatlardan yuqori qo‘ygan holda, mamlakatlarni jipslashtirish g‘oyasi har qachongidan ham dolzarb bo‘lib bormoqda» deya qayd etdi.

         Shu bilan birga, Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida yana bir bor o‘tgan yili ilgari surilgan umumiy xavfsizlik va taraqqiyotga qaratilgan “Samarqand birdamlik tashabbusi”ni tilga olib, asosiy maqsadimiz mamlakatlarimiz va xalqlarimizning bugungi kuni va istiqboli uchun mas’uliyatni har tomonlama chuqur anglash, ochiq va konstruktiv hamkorlikka tayyor barcha tomonlarni global muloqotga jalb qilishdan iborat ekanini ta’kidladi. 

         Davlatimiz rahbari tomonidan tilga olingan strategik maqsad va vazifalar birinchi navbatda yaxshi qo‘shnichilik, hamkorlik va yanada ochiqlik yo‘lida jadal rivojlanayotgan Markaziy Osiyo mintaqasiga tegishlidir.

         Dunyo hamjamiyatining Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekistonda kechayotgan transformatsiya jarayonlariga qiziqishi bejiz emas. Zero, Yangi O‘zbekiston rahbariyati sa’y-harakatlari va qo‘shni mamlakatlar yetakchilari bilan hamkorlik tufayli suvdan foydalanish, transport yo‘laklari, davlat chegaralari bilan bog‘liq ko‘p yillik muammolarni hal qilishga muvaffaq bo‘lindi.

         O‘zbekiston va mintaqa davlatlarining butun dunyo uchun ochiqligi siyosati Markaziy Osiyo xavfsizligi va barqaror, tinch taraqqiyotini ta’minlash, ushbu mintaqa xalqlarining birlashishi va farovonligini ta’minlashning asosiy shartiga aylanib bormoqda.

         O‘zbekiston rahbari mintaqaviy o‘ziga xoslikni anglash tuyg‘usi, mushtarak o‘tmish va umumiy kelajak, mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishning real yo‘llari hisoblangan hayotiy muhim manfaatlar mos kelishini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. «Markaziy Osiyoni tinch va gullab-yashnayotgan hududga aylantirish O‘zbekiston tashqi siyosatida bundan buyon ham ustuvor maqsad bo‘lib qoladi», – deya qayd etdi davlatimiz rahbari.  

         Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida, shuningdek, yig‘ilish ishtirokchilari e’tiborini ekologik muammolar, Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish, iqlim o‘zgarishi, suvdan foydalanish muammolari, “yashil” taraqqiyot, shuningdek, xalqaro hamkorlik va mamlakatimizning ushbu muammolarni hal qilishga doir tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash zarurligiga qaratdi.

         Ekstremizm tarqalishining oldini olish, xalqaro terrorizm va yoshlarning radikallashuviga qarshi kurashish muammolari, qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyatga to‘xtalar ekan, davlatimiz rahbari nafaqat Bosh Assambleya ishtirokchilari, balki dunyo ekspert hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otgan bir qator salmoqli tashabbuslarni ilgari surdi. Prezidentimiz so‘zi yakunida: «Mustahkam tinchlik va farovonlikka faqat umumiy intilishlar va birgalikdagi harakatlar bilan erishish mumkin. Bizga o‘zaro ishonch, birdamlik va hamkorlik ruhi har qachongidan ham ko‘proq zarur», deya ta’kidladi.  

         O‘zbekiston rahbarining BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida bildirilgan tashabbus va takliflari nafaqat tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy, davlat va jamoat tashkilotlari, ilm-fan, madaniyat va ta’lim muassasalari, yoshlar tashkilotlari, shuningdek, yuqori va o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash va qayta tayyorlash tizimi, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi JIDU qoshidagi Diplomatik akademiya faoliyatiga ham kuchli turtki berishi shubhasiz. 

Rustam Jumayev,  
JIDU huzuridagi Diplomatik akademiya 
Xalqaro muammolarni amaliy tahlil qilish kafedrasi mudiri,
siyosiy fanlar doktori, professor.