O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2024 yil 17-sentabr kuni Ostona shahrida ikkinchi "Markaziy Osiyo - Germaniya" sammitida ishtirok etdi.
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida o‘tgan tadbirda Germaniya Federal Kansleri Olaf Shols, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham qatnashdi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari va Germaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Investitsiya va texnologiyalar, o‘ta muhim xomashyo resurslari, "yashil" energetika, transport va logistika aloqalari, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish sohalarida sheriklikni rivojlantirish, shuningdek, ta’lim va madaniy dasturlarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida Germaniya Markaziy Osiyo mamlakatlarida olib borilayotgan demokratik o‘zgarishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni, mintaqadagi hamkorlik va integratsiyani qat’iy hamda o‘zgarmas qo‘llab-quvvatlayotganini yuqori baholadi.
Shuningdek, Germaniya bilan terrorizm, ekstremizm va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, yoshlar radikallashuvining oldini olish masalalarida yaqin hamkorlikni davom ettirish zarurligi qayd etildi.