Joriy yilning 25–26 mart kunlari Nyu-Dehli shahrida “India – Central Asia: Connectivity, Security and Sustainable Partnership in a Multipolar World” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir “Hindiston – Markaziy Osiyo” jamg‘armasi tomonidan tashkil etildi.
Konferensiyada Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlaridan taniqli diplomatlar, sobiq elchilar hamda ekspertlar ishtirok etdilar. Tadbir doirasida siyosiy hamkorlik, mintaqaviy xavfsizlik, savdo-iqtisodiy aloqalar, transport-logistika infratuzilmasi, energetika hamda madaniy-gumanitar sohalarga oid masalalar muhokama qilindi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiya direktori A. Xaydarov “Central Asia and emerging multipolar order” mavzusida ma’ruza bilan ishtirok etdi. Unda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikning zamonaviy geosiyosiy sharoitlardagi dolzarb jihatlari hamda O‘zbekistonning xalqaro tashabbuslari yoritib berildi.
Konferensiya yakunlari Markaziy Osiyo davlatlari va Hindiston o‘rtasidagi muloqot va hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga, shuningdek, akademik va ekspert doiralardagi aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.