DЕHLI, 19-dekabr. /"Dunyo" AA/. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiya direktori Abdusamad Haydarov "Hindiston-Markaziy Osiyo" jamg'armasining (India-Central Asia Foundation - ICAF) Maslahat kengashi a’zoligiga saylandi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Jamg'arma Boshqaruv organining navbatdagi yig'ilishida, shuningdek, Hindistonning O'zbekistondagi elchisi bo'lib faoliyat yuritgan taniqli diplomat Anumula Gitesh Sharma ICAF vitse-prezidenti lavozimiga tasdiqlandi.
Mamlakatimizning Dehlidagi elchixonasi "Hindiston-Markaziy Osiyo" jamg'armasi bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o'rnatgan. Xususan, joriy yil iyul oyida Dehli shahrida muddatidan ilgari O'zbekiston Prezidenti saylovi yakunlariga bag'ishlangan "davra suhbati" tashkil etildi.
Anjumanda taniqli ekspertlar va tahlilchilar, jumladan, Javaharla’l Neru universiteti, Dehli universiteti, Jamiya Milliya Islamiya universiteti, Indira Gandi nomidagi Milliy ochiq universitet, Mudofaa tadqiqotlari va tahlili instituti, Hindiston ijtimoiy ta’lim instituti, "Vivekenanda International Foundation" yetakchi tahliliy markazi vakillari, O'zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida turli yillarda elchi bo'lib ishlagan diplomatlar, OAV vakillari ishtirok etdi.
Sentyabr oyida Hindiston xalqaro markazida buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligiga bag'ishlangan xalqaro konferensiyada buyuk bobokalonimizning ilm-fan sohasidagi faoliyati turli yo'nalishlarni qamrab olgani, insoniyat ilmiy tafakkurining rivojlanishiga katta ta’sir ko'rsatgani hamda bugungi kunda ham buyuk allomaning boy ilmiy merosi xalqaro ko'lamda chuqur va izchil o'rganishda davom ettirilayotgani ta’kidlandi.
Jamg'arma vakillari Kashmir universitetida noyabr oyida bo'lib o'tgan xalqaro konferensiyada O'zbekiston va Hindiston o'rtasidagi o'zaro munosabatlarning tarixi va bugungi holati haqida batafsil ma’lumot taqdim etdi.
Elchixona va jamg'arma 2024-yilda ham O'zbekiston hayotida amalga oshirilayotgan yangilanish jarayoni, O'zbekiston-Hindiston serqirra munosabatlarining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari, o'zaro manfaatli boshqa mavzularda birgalikda qator tadbirlarni tashkil etish, turli kitob va risolalarni chop etishni maqsad qilgan.