• Maxsus imkoniyatlar

    Ko'rinish:

    Shrift hajmi:

  • Mobil versiya
  • Sayt xaritasi
SHU YERDA QIDIRISH SO'ZINI YOZING

MARKAZIY OSIYO DAVLATLARI RAHBARLARINING YETTINCHI MASLAHAT UCHRASHUVI: INTEGRATSIYANING YANGI BOSQICHI VA MINTAQANING STRATEGIK YO‘NALISHLARI

MARKAZIY OSIYO DAVLATLARI RAHBARLARINING YETTINCHI MASLAHAT UCHRASHUVI: INTEGRATSIYANING YANGI BOSQICHI VA MINTAQANING STRATEGIK YO‘NALISHLARI

news

2025-yil 15-16-noyabr kunlari Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Yettinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi va u mintaqa tarixida yangi bosqichni boshlab berdi. Uchrashuvni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ochib berdi, unda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston rahbarlari, shuningdek, Ozarbayjon Prezidenti mehmon sifatida ishtirok etdi. Yakuniy bayonotda Ozarbayjonning Maslahat uchrashuvlari formatiga to‘laqonli ishtirokchi sifatida qo‘shilishi bo‘yicha qaror qabul qilindi. Ushbu qaror Markaziy Osiyo–Kaspiy–Kavkaz o‘qi bo‘ylab geoiqtisodiy va strategik hamkorlikning yangi imkoniyatlarini ochdi.

Sammit arafasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” nomli maqolasi e’lon qilindi. Unda umumiy mintaqaviy manfaatlarga asoslangan rivojlanish modeli, xavfsizlik muammolariga birgalikdagi yondashuv va integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirish zarurati bo‘yicha aniq g‘oyalar bayon etilgan. Prezident maqolasida aks etgan strategik tamoyillar - barqarorlik, hamjihatlik, ochiqlik va o‘zaro manfaatli integratsiya - sammit siyosiy kun tartibining asosini tashkil qildi.

Toshkent sammitining eng muhim tashabbuslaridan biri “Markaziy Osiyo hamjamiyati” formatini joriy etish bo‘ldi. Ushbu model mintaqaviy hamkorlik uchun institutsional asos yaratishni, Maslahat uchrashuvlarini doimiy faoliyat yurituvchi mexanizmga ega tuzilma sifatida transformatsiya qilishni nazarda tutadi. Bu tuzilmaning yaratilishi Markaziy Osiyoda hamkorlikning yangi institutsionallashtirilgan modelini shakllantirishga xizmat qiladi.

Iqtisodiy masalalar sammit kun tartibining markaziy yo‘nalishlaridan birini tashkil etdi. O‘zbekiston Prezidenti 2035-yilgacha mo‘ljallangan mintaqaviy savdo-iqtisodiy dastur ishlab chiqishni taklif qildi. Ushbu dastur tovarlar, xizmatlar va kapitalning erkin harakatlanishi uchun qulay sharoitlar yaratish, yagona investitsiya makonini shakllantirish, elektron savdo infratuzilmasini uyg‘unlashtirish hamda sanoat sohasidagi hamkorlikning qo‘shma markazlarini tashkil etish vazifalarini o‘z ichiga oladi. Ushbu g‘oyalar yurtboshimizning yuqorida qayd etilgan maqolasida ham batafsil bayon etilgan bo‘lib, mintaqani yagona bozor sifatida shakllantirishga qaratilgan strategik maqsadni ta’kidlagan.

Transport va logistika sohasida Xalqaro Transkaspiy yo‘lagi, Xitoy -Qirg‘iziston - O‘zbekiston temir yo‘li, shuningdek, Ozarbayjon orqali Turkiya va Yevropani bog‘lovchi yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Ishonchimiz komilki, ushbu tashabbuslar Markaziy Osiyoning global tranzit xaritasidagi muhim o‘yinchi sifatidagi rolini oshiradi.

Sammit suv va iqlim xavfsizligi masalalariga ham katta e’tibor qaratdi. 2026-2036-yillarni “Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligi” deb e’lon qilish taklifi, shuningdek, Toshkentda suv resurslarini boshqarish bo‘yicha mintaqaviy kompetensiyalar markazini tashkil etish tashabbusi mintaqaning ekologik barqarorligini ta’minlash yo‘lida muhim qadam bo‘ladi. Ushbu tashabbuslar transchegaraviy suv muammolarini hal etishga va iqlim o‘zgarishiga moslashish strategiyalarini ishlab chiqishga qaratilgan.

Xavfsizlik sohasida “Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik konsepsiyasi” hamda 2026-2028-yillar uchun xavflar katalogining qabul qilinishi umumiy mintaqaviy tahdidlarni yagona metodologiya asosida baholash uchun zarur asos yaratadi. Terrorizm, ekstremizm, kiberxavfsizlik, giyohvand moddalar savdosi, migratsiya va suv-iqlim chaqiriqlari kabi asosiy tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikda amalga oshiriladigan choralar belgilandi. Ushbu hujjat mintaqaviy xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘zaro bog‘langan hamkorlik mexanizmini shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi.

Prezidentimiz madaniy va ilmiy hamkorlik sohasida ma’naviy meros va ta’lim bo‘yicha har yili xalqaro kongress o‘tkazishni, shuningdek, mintaqa olimlari va ziyolilarining jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasini e’tirof etuvchi BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etdi. Mazkur tashabbus mintaqani nafaqat iqtisodiy yoki siyosiy birlik sifatida, balki ma’naviy va ilmiy birlashuvni mustahkamlaydigan hamjamiyat sifatida shakllantirishga qaratilgan.

Umuman olganda, Toshkentda o‘tkazilgan Yettinchi Maslahat uchrashuvi Markaziy Osiyoning geosiyosiy, iqtisodiy va madaniy rivojlanishining yangi strategik yo‘nalishlarini belgilab berdi. Ozarbayjonning unga qo‘shilishi formatni kengaytirib, mintaqada logistika, savdo va siyosiy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochdi.

Ushbu tashabbuslarning amalda ro‘yobga chiqarilishi yaqin o‘n yilliklarda Markaziy Osiyoning global geosiyosiy va geoiqtisodiy jarayonlarda barqaror, o‘zaro bog‘langan va faol ishtirok etuvchi strategik makonga aylanishiga xizmat qiladi.

M.Mamajonova

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi

Diplomatik akademiya Axborot-resurs markazining yetakchi mutaxassisi