2026 yil 27 aprel kuni Toshkent shahrida Uchinchi xalqaro “Yurak diplomatiyasi” mavzusidagi konferensiya o‘z ishini boshladi. Mazkur nufuzli anjuman Baskervil instituti tomonidan O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda, AQSHning Yuta shtatidagi qator akademik hamda madaniy muassasalar ishtirokida tashkil etilgan.
Konferensiyaning asosiy mavzusi: “Til, adabiyot va huquq — madaniyatlararo muloqot va tinchlik barpo etish yo‘llari”. Ushbu yo‘nalish doirasida ishtirokchilar zamonaviy dunyoda o‘zaro tushunishni mustahkamlash, madaniyatlar o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirish va barqaror tinchlikni ta’minlashga qaratilgan masalalarni muhokama qiladilar.
Anjumanda turli mamlakatlardan kelgan olimlar, amaliyotchilar va yosh yetakchilar, jumladan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiya vakillari ishtirok etmoqda. Konferensiya doirasida ilmiy ma’ruzalar, guruh muhokamalari va fikr almashinuv sessiyalari o‘tkazilib, ishtirokchilar o‘rtasida samarali muloqot va hamkorlik uchun imkoniyat yaratiladi.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, “Yurak diplomatiyasi” konferensiyasi nafaqat ilmiy va madaniy aloqalarni mustahkamlash, balki amaliy g‘oyalar ishlab chiqish orqali global hamjihatlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ushbu anjuman xalqaro miqyosda o‘zaro ishonchni oshirish, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va tinch hamda o‘zaro bog‘langan jamiyatni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.