• Maxsus imkoniyatlar

    Ko'rinish:

    Shrift hajmi:

  • Mobil versiya
  • Sayt xaritasi
SHU YERDA QIDIRISH SO'ZINI YOZING

Yangiliklar

news

publications

30.04.2026

2001

Oʻzbekiston – Chexiya munosabatlari yangi taraqqiyot bosqichiga koʻtarildi

Koʻksaroy qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babishning tor doirada va ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida muzokaralari boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston bilan Chexiya oʻrtasidagi amaliy hamkorlikning joriy holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuv avvalida mamlakatimiz yetakchisi ushbu tashrif Oʻzbekiston – Chexiya munosabatlari tarixida sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab berishini alohida taʼkidladi.

Barcha sohalarda hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Hukumatlar, vazirliklar va idoralar darajasida yaqin aloqalar oʻrnatildi, ishbilarmonlik va gumanitar almashinuvlar faollashdi.

Parlamentlarda “Doʻstlik guruhlari” tashkil etilgan. Hukumatlararo komissiya samarali ishlamoqda.

Keyingi yillarda tovar ayirboshlash qariyb ikki barobarga oshdi. Mamlakatimizda Chexiya kapitali ishtirokida 37 ta qoʻshma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Bir qator yangi kooperatsiya yoʻnalishlari boʻyicha ish olib borilmoqda.

Oʻzaro savdo hajmini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Tovar ayirboshlashni, shu jumladan, mahsulot turlarini kengaytirish orqali 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

Birgalikdagi savdoni ragʻbatlantirish maqsadida Chexiyada Oʻzbekistonning birinchi sertifikatlash filiali tashkil etilmoqda. Chexiyalik hamkorlar bilan “Yevro-6” standartidagi avtomobillarni sertifikatlash va kvant etaloni boʻyicha zamonaviy laboratoriya qurilmoqda.

Chexiyaning yetakchi kompaniyalari bilan mashinasozlik, “yashil” energiya, geologiya va muhim xomashyo, kimyo, farmatsevtika hamda boshqa sohalarda loyihalarni amalga oshirishni oʻz ichiga olgan Texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, infratuzilmani rivojlantirish va “aqlli” shaharlar yaratish, muhandislik ishi va raqamlashtirish sohalarida kooperatsiya uchun mavjud istiqbollar qayd etildi.

Xususan, kuni kecha boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston – Chexiya biznes forumida eʼlon qilingan loyihaviy tashabbuslar qoʻllab-quvvatlandi.

Tomonlar Eksport kreditlarini sugʻurtalash agentligi va Chexiya Eksport bankining Oʻzbekistonda loyihalarni amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlash niyatini olqishladilar.

Iqtisodiy kun tartibidagi barcha masalalarni ilgari surish uchun Ishbilarmonlar kengashini tuzish va Hukumatlararo komissiyaning keyingi yigʻilishini shu yil avgust oyida Toshkentda oʻtkazish taklif qilindi.

Madaniy-gumanitar sohada, shu jumladan, qoʻshma diplom dasturlari doirasida taʼlim va akademik almashinuvni kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani tasdiqlandi.

Oʻzaro madaniyat va kino kunlari, koʻrgazma va konsertlarni muntazam ravishda oʻtkazish, shuningdek, mamlakatlar oʻrtasida sayyohlar oqimini koʻpaytirish muhimligi taʼkidlandi.

Shu maqsadda ikki mamlakat poytaxtlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviareysni qayta tiklash masalasi koʻrib chiqiladi.

Tartibli mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Xalqaro kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.

Yakunda qabul qilingan qarorlarni oʻz vaqtida amalga oshirish boʻyicha qoʻshma “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib olindi.

news

publications

28.04.2026

2145

Toshkentda “Yurak diplomatiyasi” xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda

2026 yil 27 aprel kuni Toshkent shahrida Uchinchi xalqaro “Yurak diplomatiyasi” mavzusidagi konferensiya o‘z ishini boshladi. Mazkur nufuzli anjuman Baskervil instituti tomonidan O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda, AQSHning Yuta shtatidagi qator akademik hamda madaniy muassasalar ishtirokida tashkil etilgan.

Konferensiyaning asosiy mavzusi: “Til, adabiyot va huquq — madaniyatlararo muloqot va tinchlik barpo etish yo‘llari”. Ushbu yo‘nalish doirasida ishtirokchilar zamonaviy dunyoda o‘zaro tushunishni mustahkamlash, madaniyatlar o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirish va barqaror tinchlikni ta’minlashga qaratilgan masalalarni muhokama qiladilar.

Anjumanda turli mamlakatlardan kelgan olimlar, amaliyotchilar va yosh yetakchilar, jumladan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiya vakillari ishtirok etmoqda. Konferensiya doirasida ilmiy ma’ruzalar, guruh muhokamalari va fikr almashinuv sessiyalari o‘tkazilib, ishtirokchilar o‘rtasida samarali muloqot va hamkorlik uchun imkoniyat yaratiladi.

Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, “Yurak diplomatiyasi” konferensiyasi nafaqat ilmiy va madaniy aloqalarni mustahkamlash, balki amaliy g‘oyalar ishlab chiqish orqali global hamjihatlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Ushbu anjuman xalqaro miqyosda o‘zaro ishonchni oshirish, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va tinch hamda o‘zaro bog‘langan jamiyatni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

news

publications

01.04.2026

2637

Diplomatik akademiyada O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi xodimlari uchun malaka oshirish kurslari yakunlandi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiyada 2026-yil 2-martdan 31-martgacha O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi xodimlari uchun “Harbiy diplomatiya” nomli malaka oshirish kurslari tashkil etildi.

O‘quv dasturi doirasida O‘zbekistonning yangilangan tashqi siyosatining konseptual asoslari, zamonaviy xalqaro munosabatlar tendensiyalari, xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik masalalari, muzokaralar jarayonini tashkil etish va samaradorligi, diplomatik protokol va etiket, axborot-tahliliy faoliyat, raqamli diplomatiya, shuningdek, xalqaro huquqning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan ma’ruzalar va seminar mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

Kurslar davomida harbiy diplomatiya masalalariga, O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar bilan harbiy-texnik hamkorligini rivojlantirishga, respublikaning xalqaro tashkilotlardagi ishtirokiga, NATO faoliyatiga, harbiy attashe instituti hamda milliy xavfsizlikni ta’minlash tizimida harbiy diplomatiyaning roliga alohida e’tibor qaratildi.

Mashg‘ulotlar Diplomatik akademiyaning professor-o‘qituvchilari, Mudofaa vazirligi vakillari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining boshqa yetakchi ixtisoslashgan tashkilotlari mutaxasislari tomonidan olib borildi.

Kurslar yakunida o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasini ko‘rsatuvchi yakuniy test o‘tkazilib, muvaffaqiyatli yakunlagan barcha tinglovchilarga belgilangan namunadagi sertifikatlar topshirildi.

news

publications

27.03.2026

2146

Oʻzbekiston va Tojikiston yetakchilari Oliy davlatlararo kengashning birinchi yigʻilishini oʻtkazdilar

26-mart kuni Koʻksaroy qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon tor doirada muzokara va Oliy davlatlararo kengashning birinchi yigʻilishini oʻtkazdilar.

Davlatimiz rahbari Tojikiston Prezidentining ushbu davlat tashrifi tarixiy ahamiyatga ega boʻlib, ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro hurmat rishtalarini mustahkamlashda yana bir muhim qadam ekanini alohida taʼkidladi.

– Bugun biz Oliy davlatlararo kengashning birinchi yigʻilishini boshlab bermoqdamiz. Ushbu format, shubhasiz, ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtaradi, Oʻzbekiston – Tojikiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini amaliy mazmun va ilgʻor tashabbuslar bilan boyitishga xizmat qiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Hukumatlar, parlamentlar va idoralar darajasidagi faol va yaqin aloqalar mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tashrifga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiya yigʻilishi, sanoat koʻrgazmasi va hududlar, rektorlar, olimlar, yoshlar va tahlil markazlarining forumlari muvaffaqiyatli tashkil qilindi. Ayni paytda mamlakatimizda Tojikiston madaniyati va kinosi kunlari oʻtkazilmoqda.

Yigʻilishda tomonlar hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini batafsil muhokama qilib, ishga solinmagan imkoniyatlardan foydalanish yoʻllarini tahlil qildilar hamda oʻzaro manfaatli Oʻzbekiston – Tojikiston hamkorligini mustahkamlashga katta surʼat bagʻishlaydigan bir qator muhim qarorlarni qabul qildilar.

Oʻzaro savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini ragʻbatlantirish, transport sohasida oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash, suv va energetika xavfsizligini kuchaytirish choralariga alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻtgan yili tovar ayirboshlash hajmi, eng avvalo, tayyor mahsulotlarni oʻzaro yetkazib berish hisobiga qariyb 1 milliard dollarga yetdi.

Sanoat, qurilish, qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik, elektrotexnika, farmatsevtika va boshqa koʻplab sohalarda qator kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda ikki mamlakat poytaxtlari oʻrtasida aviareyslar, avtobus va poyezd qatnovlari yoʻlga qoʻyilgan. Yuk tashish hajmi jadal oʻsib bormoqda.

2028-yilga kelib, oʻzaro savdoni 2 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.

“Oybek – Fotihobod” chegaraoldi savdo markazini barpo etishni tezlashtirish, mahsulotlarni sertifikatlash va “E-Permit” ruxsatnomalarni almashish raqamli tizimlarini yoʻlga qoʻyish, chegara nazorat punktlarini modernizatsiya qilish boʻyicha erishilgan kelishuvlar bu marraga yetishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, togʻ-kon, energetika, qishloq xoʻjaligi, elektrotexnika, yengil sanoat, qurilish va boshqa sohalardagi loyihalarni oʻz ichiga olgan alohida Sanoat kooperatsiyasi dasturi qabul qilinmoqda.

Istiqbolli loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun qoʻshma Investitsiya kompaniyasining kapitalini kengaytirish muhimligi taʼkidlandi. Shuningdek, bugun ikki mamlakat hududida yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga start beriladi.

Energetika, suv resurslarini boshqarish, transport va boshqa koʻplab sohalardagi sheriklik atroflicha koʻrib chiqilib, hamkorlik istiqbollari belgilab olindi.

Yetakchilar hududlararo aloqalarni yanada rivojlantirish, gumanitar, taʼlim va ilmiy almashinuvlarni ragʻbatlantirishga kelishib oldilar.

Yirik diasporalar mavjudligini hisobga olib, madaniy va gumanitar aloqalarni mustahkamlash boʻyicha besh yillik chora-tadbirlar rejasini qabul qilish taklif qilindi.

Davlat rahbarlari mintaqaviy kun tartibi va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Markaziy Osiyoda koʻp tomonlama tuzilmalar va mintaqaviy formatlar doirasida yaqin muloqot va oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi taʼkidlandi. Xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni faollashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Yigʻilishda Hukumatlararo komissiya hamraislari – ikki mamlakat Bosh vazirlarining hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari yuzasidan hisobotlari tinglandi.

Yakunda erishilgan kelishuvlarning toʻliq amalga oshirilishini taʼminlash uchun keng qamrovli “yoʻl xaritasi” qabul qilinishi belgilandi.