• Maxsus imkoniyatlar

    Ko'rinish:

    Shrift hajmi:

  • Mobil versiya
  • Sayt xaritasi
SHU YERDA QIDIRISH SO'ZINI YOZING

Yangiliklar

news

publications

29.10.2025

615

O‘zbekiston – Serbiya munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarildi

28-oktabr kuni Ko‘ksaroy qarorgohida mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchichni rasmiy kutib olish marosimi o‘tkazildi.

Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchichning rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari Serbiya yetakchisini samimiy qutlar ekan, hamkorlik davridagi birinchi sammit tarixiy ahamiyatga ega bo‘lishini va O‘zbekiston – Serbiya munosabatlarini sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishini ta’kidladi.

– Diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlanayotgan yilda rasmiy tashrifingiz tarixiy voqeadir. O‘zbekistonda Serbiyaga katta xayrixohlik bilan qarashadi. Xalqlarimizni mustahkam do‘stlik rishtalari va o‘xshash mentalitet bog‘lab turadi, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Muzokaralarda alohida e’tibor tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, mashinasozlik, farmatsevtika, kimyo sanoati, axborot texnologiyalari va raqamlashtirish, agrosanoat majmui, turizm hamda ko‘plab boshqa muhim tarmoqlarda keng ko‘lamli kooperatsiya dasturini tayyorlash masalalariga qaratildi.

“Markaziy Osiyo – Bolqon” yo‘nalishida yangi transport yo‘laklarini, jumladan, Transkaspiy koridori doirasida rivojlantirish muhimligi qayd etildi.

Hamkorlikning iqtisodiy kun tartibini ilgari surish maqsadida kelgusi yilda Toshkent shahrida Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib olindi.

Tartibli mehnat migratsiyasi, madaniy-gumanitar va ta’lim sohalaridagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Yetakchilar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

news

publications

28.10.2025

644

O‘zbekiston Prezidenti AQSH delegatsiyasini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda AQSH Davlat kotibining o‘rinbosari Kristofer Landau va boshqa rasmiy shaxslar ham ishtirok etdi.

O‘zbekiston – AQSH strategik sheriklik munosabatlarining joriy yil 23-sentabr kuni Nyu-York shahrida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv avvalida Serjio Gor davlatimiz rahbariga AQSH Prezidenti Donald Trampning salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi.

Jadal siyosiy muloqot, turli darajalardagi almashinuvlar va faol ishbilarmonlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda, oktabr oyi boshida AQSH Savdo palatasi delegatsiyasining tashrifi muvaffaqiyatli o‘tdi.

Qabul qilingan “yo‘l xaritasi” asosida sanoat, moliya, muhim minerallar, energetika, raqamlashtirish, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi loyihalarni ilgari surish dolzarbligi ta’kidlandi.

Tomonlar xavfsizlik, terrorizm va ekstremizm, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish sohalarida sheriklikni mustahkamlash masalalarini ham muhokama qildilar.

Global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Bo‘lajak tadbirlar rejasi, shu jumladan kelgusi hafta Vashington shahrida “C5+1” formatidagi sammitni o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.

news

publications

24.10.2025

570

O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida tarixiy bitim imzolandi

24-oktabr kuni Bryussel shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. 

 

Hujjat 1996-yilgi Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimga asoslangan O‘zbekiston – Yevropa hamkorligining huquqiy bazasini yangilaydi hamda sezilarli darajada kengaytiradi. 

Yangi bitim loyihasi bo‘yicha muzokaralar 2019-yil fevral oyida boshlanib, 2022-yil iyul oyida yakunlangan. Hujjat 2022-yil 6-iyul kuni Bryussel shahrida parafirlangan edi. 

Bitim 9 ta bo‘lim, 356 ta modda va 14 ta ilovadan iborat. U ikki tomonlama munosabatlarning deyarli barcha sohalarini qamrab oladi hamda siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo va investitsiyalar, barqaror rivojlanish, fan va ta’lim, innovatsiyalar va yuqori texnologiyalar, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishiga alohida e’tibor qaratgan holda barcha o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish uchun keng qamrovli huquqiy asosni shakllantiradi. 

Bitimning imzolanishi O‘zbekiston va YI munosabatlarida yangi bosqichni boshlab beradi hamda ko‘p qirrali sheriklikni misli ko‘rilmagan yuksak darajaga olib chiqadi.

news

publications

17.10.2025

747

“O‘zbekiston va Turkiyaning strategik qarashlari”.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiyada Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatik akademiya direktori bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

2025-yil 13-oktabr kuni JIDU “O‘zbekiston va Turkiyaning strategik qarashlari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. Tadbirda xorijiy ekspertlar va tahliliy doiralar vakillari ishtirok etdilar.

Forum davomida quyidagi masalalar muhokama qilindi:
• “O‘zbekiston – Turkiya: strategik hamkorlikning yangi ufqlari”,
• “Turkiy davlatlar tashkiloti a’zolari o‘rtasidagi xavfsizlik, o‘zaro aloqalar va ko‘p tomonlama munosabatlar”,
• “Bo‘linayotgan jahon tartibotida yo‘l izlash” mavzulari.

Mazkur tadbir doirasida xorijiy mehmonlarning so‘rovlariga binoan O‘zbekiston Respublikasining tegishli tashkilot va idoralarida uchrashuvlar ham tashkil etildi.

Xususan, 2025-yil 13-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiyada Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatik akademiya direktori janob Mesut Ozjan bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Suhbat davomida tomonlar O‘zbekiston va Turkiya diplomatik akademiyalari o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, shuningdek, qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.

Shuningdek, “Iqtisodiy diplomatiya” mavzusida Diplomatik akademiya talabalari va tinglovchilari uchun ma’ruza tashkil etish, ilmiy-amaliy tadbirlarni o‘tkazish hamda ilmiy maqolalar to‘plamini birgalikda nashr etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

news

publications

09.10.2025

759

Monografiya taqdimoti: “Meros O‘zbekiston" " yumshoq kuch" diplomatiyasi omili. Ma’nolar makoni”

2025-yil 7-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) O‘zbekistonning taniqli san’atshunosi, san’at fanlari doktori Shahnoz G‘anievaning  “Meros O‘zbekiston" " yumshoq kuch" diplomatiyasi omili. Ma’nolar makoni” nomli monografiyasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Mazkur monografiya O‘zbekistonning boy madaniy merosi, uning zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimidagi o‘rni hamda mamlakatning yumshoq kuch (soft power) konsepsiyasini amalga oshirishdagi salohiyatini chuqur tahlil etadi. Muallifning ilmiy-nazariy qarashlari davlatlar o‘rtasidagi madaniy va gumanitar aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, O‘zbekistonning milliy qadriyatlarini xalqaro maydonda targ‘ib etishda muhim nazariy-amaliy vosita sifatida xizmat qiladi.

Tadbirda so‘zga chiqqan professor A. Xaydarov, UWED Diplomatik akademiyasi direktori, monografiyani yuksak baholab, unda ilgari surilgan g‘oyalar nafaqat ilmiy jamoatchilik, balki O‘zbekiston diplomatlari uchun ham muhim metodologik manba ekanini ta’kidladi. U shuningdek, bunday ilmiy asarlar O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini shakllantirishda madaniy diplomatiya vositalari orqali alohida ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

Taqdimot davomida ishtirokchilar monografiyada ilgari surilgan asosiy qoidalar yuzasidan fikr almashdilar, mamlakatning madaniy va sivilizatsion salohiyatining "yumshoq kuch" diplomatiyasidagi o‘rni hamda ahamiyati haqida atroflicha muhokama olib bordilar.